1/2BAYRAM TABRIGI
Qadrli Andijon shahri insonlari, shahrimiz mehmonlari!
Sizlarni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotidagi eng qutlug‘ sanalardan biri 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni hamda ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining shonli yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Til — millatning ruhidir. Bugun faxr bilan ayta olamizki, ona tilimiz xalqimizning necha asrlik boy tarixi, o‘zligi, madaniy va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan buyuk xazinadir. Prezidentimiz tabrigida ta'kidlanganidek, milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tili bugungi kunda dunyo minbarlarida baralla yangrab, ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro munosabatlar tiliga aylanib bormoqda.
Aziz azmi-shijoatli Andijon ahli!
Mirzo Bobur kabi buyuk so‘z san’atkorlariga beshik bo‘lgan, o‘zining betakror adabiy muhiti, shirali va jozibador nutqi bilan ajralib turadigan go‘zal Andijonimizda o‘zbek tilini e’zozlash, uning sofligini saqlash har bir vatandoshimiz uchun yuksak g‘urur va muqaddas burchdir. Bugun shahar ko‘chalarida, ta'lim maskanlarida, madaniyat koshonalarida o‘zbek tilining nufuzini oshirish yo‘lida mehnat qilayotgan fidoyi ziyolilarimiz, ustozlarimiz va g‘ayratli yoshlarimizning xizmatlari tahsinga sazovordir.
Fursatdan foydalanib, barcha andijonliklarga, shaharimizning ravnaqi va ma’naviy yuksalishiga hissa qo‘shayotgan har bir yurtdoshimizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlariga tinchlik va qut-baraka tilayman.
Ona tilimizning nufuzi, qadri va sadosi hamisha baland bo‘lsin!
O‘zbek tili bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!
Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati
YouTube | Telegram | Instagram | Facebook | web | Threads









