BEKOBOD SHAHAR AHOLISIGA MUROJAATNOMA
Kiberjinoyatlar va internet firibgarligining oldini olish to‘g‘risida
Hurmatli Bekobod shahri aholisi!
Bugungi kunda axborot texnologiyalaridan foydalanish kengayib borayotgani bilan birga, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik va boshqa kiberjinoyatlar ham dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘larini o‘zlashtirish, soxta havolalar yuborish, zararli APK ilovalarini o‘rnatishga undash, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni egallash hamda soxta savdo va investitsiya takliflari orqali aldash holatlari fuqarolarga jiddiy moliyaviy zarar yetkazmoqda.
Hurmatli fuqarolar, bunday jinoyatlarning oldini olishda har biringizning ogohligingiz va masʼuliyatingiz muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan sizlardan quyidagi xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya etishingizni so‘rayman:
● Shubhali havolalarni ochmang, nomaʼlum APK fayllarini o‘rnatmang. Bunday fayllar telefoningizdagi shaxsiy маълумотлар va bank hisoblaringiz xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
● Bank kartangiz maʼlumotlarini himoya qiling. PIN-kod, parol va SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini hech kimga bermang. O‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ham bunday maʼlumotlarni oshkor qilmang.
● Internet orqali pul o‘tkazishda ehtiyot bo‘ling. Tovar sotuvchisi yoki xizmat ko‘rsatuvchining ishonchliligini tekshirmasdan turib oldindan to‘lov qilmang.
● Soxta investitsiya takliflariga aldanmang. Qisqa muddatda katta daromad olishni kafolatlaydigan nomaʼlum platformalarga pul kiritmang.
● Oila aʼzolaringizni ham ogohlantiring. Ayniqsa, kiberfiribgarlik usullaridan yetarlicha xabardor bo‘lmagan yaqinlaringizga internet xavfsizligi qoidalarini tushuntirib boring.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida quyidagi amaliy choralarni ko‘rishingizni tavsiya etaman:
1. Telefoningiz va bank ilovalarining xavfsizlik sozlamalarini muntazam tekshirib boring, murakkab parollardan foydalaning hamda ikki bosqichli himoyani yoqing.
2. Bank hisobingizda shubhali operatsiyani aniqlasangiz, zudlik bilan bankingizga мурожаат qiling va zarur hollarda bank kartangizni bloklating.
3. Firibgarlik holatiga duch kelsangiz, yozishmalar, telefon raqamlari, havolalar va to‘lov hujjatlarini saqlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering.
4. Shubhali xabarlar va zararli ilovalar haqida yaqinlaringizni ogohlantiring hamda bunday holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga maʼlum qiling.
Shuni unutmangki, kiberjinoyatchilarning asosiy maqsadi — fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ularning pul mablag‘lari va shaxsiy maʼlumotlarini qo‘lga kiritishdir. Birgina ehtiyotsizlik katta miqdordagi moddiy zarar va jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi мумкин.
Hurmatli fuqarolar! Internetdan foydalanishda hushyor bo‘ling, shaxsiy maʼlumotlaringizni asrang va shubhali takliflarga ishonmang. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda befarq bo‘lmang. O‘z xavfsizligingiz va yaqinlaringiz manfaatlarini himoya qilishga masʼuliyat bilan yondashing.
Ogohlik va ehtiyotkorlik — kiberjinoyatlarga qarshi eng muhim himoyadir!
Baxtiyor Ilyasov, Bekobod shahar prokurori.
🔔 Bizni kuzating👇🏻
|Telegram |
Facebook |
Instagram |
YouTube