Bolani cheklash emas, qo‘llab-quvvatlash kerak!
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Komplayens xizmati tomonidan Agentlik tizimidagi ayrim ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 1-sinfda tahsil olayotgan ayrim bolalarni yangi ta’lim muhitiga moslashtirish hamda dars jarayonidagi ishtirokini ta’minlash maqsadida bugungi zamonaviy pedagogik yondashuvlarga mos kelmaydigan usullardan, jumladan, bolaning sinfda harakatini cheklashdan foydalanilgan holatlar aniqlandi.
Bunday cheklovchi usullar ayrim davlatlarda maxsus ta’lim va parvarish amaliyotlarida tarixan uchragan bo`lsa-da, bugungi kunda bunday usullar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, bolaning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda insonparvarlik tamoyillariga mos kelmaydi.
Mazkur holatlardan kelib chiqib, Agentlik tomonidan tizimdagi barcha ta’lim tashkilotlariga eskirgan, zamonaviy pedagogik talablarga mos kelmaydigan va bolaga nisbatan asossiz jismoniy yoki boshqa cheklovlarni nazarda tutuvchi usullardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, har bir bolaga uning individual ehtiyojlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda mehr, hurmat va professional yondashuv asosida munosabatda bo‘lish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 1–2-sinf o‘quvchilarining yangi ta’lim muhitiga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash hamda dars jarayonida ularga individual yordam ko‘rsatish maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab maxsus assistent-pedagog lavozimi joriy etilmoqda.
Hurmatli ota-onalar!
Agar farzandingiz ta’lim jarayonida yuqoridagi kabi nomaqbul holatlarga duch kelsa:
— birinchi navbatda maktab ma’muriyatiga bu haqda xabar berishingiz;
— pedagog yoki maxsus assistent-pedagog bilan holatni muhokama qilishingiz;
— muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1246 ishonch telefoniga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Har bir bolaning sha’ni, qadr-qimmati va xavfsizligini ta’minlash — ta’lim jarayonining ajralmas tamoyilidir.
📝
https://t.me/ijtimoiyhimoyaagentligi 💻 https://instagram.com/ijtimoiyhimoyaagentligi?igshid=OGQ5ZDc2ODk2ZA==
📝
https://www.facebook.com/profile.php?id=100093715955182&mibextid=LQQJ4d 🐧
https://twitter.com/ijtimoiyhimoya🎞
https://youtu.be/3qt-Pxn__G8 🎖
http://ihma.uz/